
20-Dekabr, 2025
Ipak Yuli Bank kichik va o‘rta biznes hamda “yashil” loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan xalqaro moliyalashtirish jalb etdi
Ipak Yuli Bank mikro, kichik va o‘rta biznes faoliyatini rivojlantirish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun kredit liniyalarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Natijada Ipak Yuli Bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan umumiy qiymati 50 mln AQSh dollari bo‘lgan ikkita kredit liniyasini imzoladi.
35 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasi mikro, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, tadbirkorlarning moliyalashtirishga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish, amaldagi bizneslarni rivojlantirish hamda yangi o‘sish imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
15 mln AQSh dollari miqdoridagi ikkinchi kredit liniyasi “Yashil iqtisodiyotni moliyalashtirish mexanizmi II” (GEFF II) dasturi doirasida taqdim etilib, energiya samarador uskunalarini joriy etish, iqlimga chidamli yechimlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan texnologiyalar hamda boshqa resurs tejamkor yechimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. GEFF II doirasida bank mijozlari nafaqat maqsadli moliyalashtirishdan, balki loyihalarning xalqaro “yashil” standartlarga muvofiqligini ta’minlovchi ekspert maslahat xizmatlaridan ham foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur kelishuvlar bankning mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish bo‘yicha imkoniyatlarini kengaytirib, “yashil” texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantiradi hamda energiya samaradorligi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda barqaror va past uglerodli iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadi.
“Ushbu kredit liniyalarining imzolanishi bank va YETTB o‘rtasidagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan strategik hamkorlikni tasdiqlaydi. Biz mijozlarimizga biznesni rivojlantirish, modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etishdan mamnunmiz” — dedi Bank Boshqaruvi raisi Saidabror Saydahmedov.
Ipak Yuli Bank va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2018-yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlik doirasida mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, GEFF II dasturi orqali energiya samarador va “yashil” texnologiyalarni joriy etish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda inklyuziv tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. GEFF II doirasidagi yangi moliyalashtirish ushbu uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekiston moliyaviy sektorining barqarorligini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam hisoblanadi.
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
Foizsiz o‘tkazmalar, yuqori foizli depozitlar ochish, moliyaviy hisob-kitoblar — telefoningizda
Ilovani yuklab olish uchun QR kodni skanerlang
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
