Ipak Yuli Bank kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va agent-bank faoliyatini amalga oshirish huquqini oldi

01-july, 2026

Ipak Yuli Bank kapital bozori sohasida «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va agent-bank faoliyatini amalga oshirish huquqini oldi

O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Ipak Yuli Bankni xorijiy valyutada nominallangan korporativ obligatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi agent-bank faoliyatini yuritish huquqi bilan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi.
 

 

Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF–254-son «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi doirasida qabul qilindi.
 

 

Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida «Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi» AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasining tijorat banklari o‘rtasida tanlov o‘tkazildi. Kompleks baholash yakunlariga ko‘ra, Ipak Yuli Bank O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan chiqariladigan xorijiy valyutada nominallangan korporativ obligatsiyalarni joylashtirish, muomalaga kiritish va so‘ndirish bilan bog‘liq hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi agent-bank etib belgilandi.
 

 

Agent-bank sifatida bank kapital bozori ishtirokchilari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq xorijiy valyutada nominallangan korporativ obligatsiyalar bo‘yicha pul hisob-kitoblarini amalga oshiradi. Yangi mexanizm hisob-kitoblarning ishonchliligi, shaffofligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi kapital bozori infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
 

 

Bankning «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimi ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi uning belgilangan talablarga muvofiqligini, yuqori texnologik tayyorgarlik darajasini hamda kapital bozorida infratuzilmaviy yechimlarni amalga oshirish uchun zarur kompetensiyalarga ega ekanligini tasdiqlaydi.
 

Qo‘shimcha ma’lumot olish hamda bank bilan agent-bank sifatida hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha quyidagi telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin: +998 78 140 69 00 (ichki 1142).

Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda

Foizsiz o‘tkazmalar, yuqori foizli depozitlar ochish, moliyaviy hisob-kitoblar — telefoningizda
banner