
26-may, 2026
Ipak Yuli Bank ITFC bilan hamkorlikni kengaytirmoqda: $75 000 000 moliyalashtirish liniyasi
Ipak Yuli Bank Islom taraqqiyot banki guruhi (IsDB) tarkibiga kiruvchi Xalqaro Islom Savdo Moliyalashtirish Korporatsiyasi (International Islamic Trade Finance Corporation, ITFC) bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. Imzolangan kelishuv doirasida moliyalashtirish liniyasining umumiy hajmi $75 000 000 gacha oshirildi. Jalb qilingan mablag‘lar shariat tamoyillariga muvofiq O‘zbekiston tadbirkorlarining savdo operatsiyalarini, avvalo kichik va o‘rta biznes korxonalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Jalb qilingan mablag‘lar hisobidan Ipak Yuli Bank mijozlarining tashqi savdo operatsiyalarini, shuningdek respublika ichidagi xaridlarni — xomashyo, uskunalar, butlovchi qismlar va tovarlarni sotib olishni moliyalashtirishi mumkin bo‘ladi.
Moliyalashtirish “Murabaha” islomiy savdo moliyalashtirish instrumenti asosida amalga oshiriladi. Ushbu instrument tadbirkorlarga aniq savdo shartnomalari asosida maqsadli mablag‘larni olish imkonini berib, xorijiy va mahalliy yetkazib beruvchilar bilan hisob-kitoblarning shaffofligi va prognoz qilinishini oshiradi.
Moliyalashtirish liniyasi hajmining oshirilishi Ipak Yuli Bank va ITFC o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlaydi hamda O‘zbekistonda islomiy moliyaviy mahsulotlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini aks ettiradi.
Kengaytirilgan moliyalashtirish liniyasi tadbirkorlarning savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirishga, eksportni diversifikatsiya qilishga, import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarishlarni rivojlantirishga va o‘zbek biznesining xalqaro savdo oqimlariga integratsiyasiga xizmat qiladi.
Mazkur kelishuvni amalga oshirish xususiy sektor rivoji va mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shadi.
ITFC haqida
Xalqaro Islom Savdo Moliyalashtirish Korporatsiyasi (ITFC) — 2008-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan, bosh qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan Islom taraqqiyot banki guruhi (IsDB) tarkibidagi avtonom tashkilotdir. Korporatsiya IsDB guruhining savdo moliyalashtirish operatsiyalarini birlashtiradi va Islom hamkorlik tashkiloti (OIC)ga a’zo mamlakatlar uchun savdo moliyalashtirish yechimlarining yetakchi ta’minotchilaridan biri hisoblanadi. ITFCning asosiy vazifasi OIC mamlakatlari o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish va ularning savdo salohiyatini oshirishdan iborat.
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
Foizsiz o‘tkazmalar, yuqori foizli depozitlar ochish, moliyaviy hisob-kitoblar — telefoningizda
Ilovani yuklab olish uchun QR kodni skanerlang
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
