
23-Dekabr, 2025
Ipak Yuli Banki va JICA mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi
Toshkent, 2025-yil 22-dekabr — Ipak Yuli Bank va Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, ayollar va yosh tadbirkorlarga alohida e’tibor beruvchi 25 million AQSh dollari miqdoridagi kredit bitimini imzolash orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur kelishuv JICA va Ipak Yuli Bank o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit hamkorligi bo‘lib, xalqaro moliya institutining bankning moliyaviy barqarorligi, korporativ boshqaruv standartlari hamda mamlakatda xususiy sektor va tadbirkorlikni rivojlantirishdagi strategik roliga bo‘lgan yuqori ishonchini aks ettiradi.
Jalb qilingan mablag‘lar mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, iqtisodiy diversifikatsiya va barqaror o‘sishni ta’minlash, shuningdek, yetarli darajada qamrab olinmagan aholi qatlamlari orasida moliyaviy inklyuziyani oshirishga yo‘naltiriladi.
Bitim imzolanishi munosabati bilan Ipak Yuli Bank Boshqaruvi Raisi Saidabror Saydaxmedov quyidagilarni ta’kidladi: «JICA bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit moliyalashtirishni jalb etish orqali xalqaro hamkorlarimiz tarmog‘ini kengaytirayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu mablag‘lar butun mamlakat bo‘ylab mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, ayollar va yosh tadbirkorlarni moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratamiz, bu esa inklyuziv va barqaror iqtisodiy rivojlanishga bo‘lgan sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaydi. JICA bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga umid qilamiz».
O‘z navbatida, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Bito Yoshibumi shunday dedi: «Ipak Yuli Bankiga kuchli qo‘llab-quvvatlash va samarali hamkorlik uchun samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ushbu bitim Yaponiyada ham, O‘zbekistonda ham katta qiziqish uyg‘otganidan mamnunmiz. JICA krediti IFC krediti bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi va muhim masalalarni hal etishga xizmat qiladi. Mazkur kelishuv yaqinda Yaponiyada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo –Yaponiya” sammitida ham eslab o‘tildi».
JICA haqida
Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) Yaponiyaning rasmiy rivojlanish yordamini (ODA) amalga oshiruvchi asosiy institut hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik boshlanganidan buyon JICA 3,5 milliard AQSh dollaridan ortiq miqdorda imtiyozli kreditlar, grantlar va texnik yordam dasturlarini taqdim etgan. JICAning O‘zbekistondagi loyihalari xususiy sektorni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, energetika, sog‘liqni saqlash, ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olib, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
Foizsiz o‘tkazmalar, yuqori foizli depozitlar ochish, moliyaviy hisob-kitoblar — telefoningizda
Ilovani yuklab olish uchun QR kodni skanerlang
Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda
