Ipak Yuli Bank o‘z xorijiy hamkorlari sonini yana bittaga oshirdi

26-Dekabr, 2025

Ipak Yuli Bank o‘z xorijiy hamkorlari sonini yana bittaga oshirdi

 

 

Ipak Yuli Bank o‘zining ko‘p yillik hamkori Symbiotics Investment SA (Shveytsariya) ko‘magida Ineco Group (Armaniston) tarkibiga kiruvchi Inecobank YAJ (Armaniston) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, 10 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini jalb etish to‘g‘risida shartnoma imzoladi. 

 

Kredit liniyasini tuzish bo‘yicha muzokaralar Bank tomonidan Shveysariyada joylashgan Symbiotics Investment SA investitsiya kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan. Symbiotics Investment SA moliyalashtirish tashkilotchisi sifatida bitimni barcha bosqichlarda hamrohlik qildi.

 

Imzolangan kelishuv ikki bank o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishdagi birinchi qadam bo‘lib, kelgusida hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratadi. 

 

“Symbiotics bilan ko‘p yillik hamkorligimiz navbatdagi muvaffaqiyatli natijalarni berdi. Uning ko‘magi bilan Inecobank bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi va mikro, kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 10 million AQSh dollari miqdoridagi kredit liniyasini jalb etish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Biz barqaror biznes rivojini ta’minlash yo‘lida har ikki hamkor bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatidamiz.” – deb takidladi Ipak Yuli Banki Boshqaruv raisi Saidabror Saydaxmedov.

 

«Yil yakunida biz transchegaraviy investitsiyalar sohasida yana bir muhim bosqichni nishonlamoqdamiz. Ushbu bitim Inecobank va Ipak Yuli Bank o‘rtasidagi hamkorlikdagi ilk qadam bo‘lib, moliyalashtirishda transchegaraviy sinergiyani ta’minlash maqsadida Symbiotics bilan hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz.» – deya izoh berdi Ineco Group’ning xalqaro biznes bo‘yicha direktori Dmitro Tolstik. 

 

“Symbiotics 2010-yildan beri Inecobank’ga moliyalashtirish imkoniyatlarini taqdim etib kelmoqda va endilikda uzoq yillik hamkorimiz investitsiya oluvchi rolidan investor roliga o‘tdi. Ikki bank o‘rtasida tashkil etilgan ushbu bitim o‘z turidagi dastlabkilardan biri bo‘lib, unda Symbiotics butun jarayon davomida kreditni shakllantiruvchi sifatida ishtirok etdi. Mavjud hamkorlarimiz orasida yangi biznes aloqalarini yanada rivojlantirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz.” – deya qayd etdi Symbiotics Investments’ning Kavkaz va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri Aleksandr Fando.

 

INECOBANK HAQIDA 

 

 Inecobank YAJ Armaniston va Janubiy Kavkaz mintaqasidagi yetakchi moliyaviy institutlardan biri bo‘lib, jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes hamda korporativ mijozlar uchun bank xizmatlarining to‘liq turini taqdim etadi. 1998-yildan buyon bank 30 dan ortiq yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda hamda dunyo bo‘ylab yuqori toifadagi banklar bilan korrespondentlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan. 

 

2024-yilda Inecobank’ning bosh kompaniyasi sifatida Ineco Group tashkil etilib, Guruhning moliyaviy xizmatlari, fintech va investitsion yo‘nalishlarini yagona tuzilma ostida birlashtirish va boshqarish vazifasini oldi. Guruh portfeli bank xizmatlari, lizing va raqamli platformalarni qamrab oladi hamda Kavkaz, Markaziy Osiyo va Yevropa bo‘ylab faoliyat yuritadi. 

 

Batafsil: https://www.inecobank.am/en/about-inecobank & https://www.inecogroup.am

 

SYMBIOTICS HAQIDA 

 

Symbiotics rivojlanayotgan va frontier iqtisodiyotlarda xususiy bozorlarga yo‘naltirilgan impakt-investitsiyalar sohasida yetakchi xalqaro platforma hisoblanadi. Kompaniya investitsiyalarni jalb etish, aktivlarni boshqarish hamda moliyaviy institutlar salohiyatini oshirish bo‘yicha kompleks xizmatlarni taqdim etadi. 2005-yildan buyon Symbiotics 99 ta mamlakatda faoliyat yurituvchi 608 ta kompaniya uchun umumiy hajmi 10,5 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 8 200 dan ziyod investitsiyalarni jalb qilgan. Bugungi kunda kompaniya 19 ta fond va mandat doirasida umumiy qiymati 2,5 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi portfelni boshqaradi. Shuningdek, Symbiotics portfel kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy qiymati 19 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 170 dan ziyod texnik ko‘mak loyihalarini amalga oshirgan. 

 

Batafsil: https://symbioticsgroup.com/

Millionlab odamlar Ipak Yuli Mobile’ni tanlamoqda

Foizsiz o‘tkazmalar, yuqori foizli depozitlar ochish, moliyaviy hisob-kitoblar — telefoningizda
banner